Kokteyllar ham antik davr ruhida nomlangan: «Parfenon» — greyfurtli aroq va oq vino asosida, «Kaliste» — jin, oq vino, uzum va shaftoli, «Zevs» — aroq, qora smorodina, kakao, shaftoli va tonka loviyalari. Har bir kokteyl narxi — 110 000 so‘m. Vino kartasi «Eski Dunyo”ga katta muhabbat bilan tuzilgan, biroq unda O‘zbekiston, Gruziya, Argentina va Janubiy Afrika uchun ham faxrli o‘rinlar qoldirilgan. Juma va shanba kunlari restoranda hayot qaynaydi: sirtaki, likopchalarni sindirish, jonli musiqa — xuddi yoz mavsumidagi Gretsiya orollaridek.
Dasturxon, albatta, mezelardan boshlanadi: baba g‘anuj, qizil ikrali tarama, fava, klassik va brokkolili humus. So‘ng Gretsiyada ancha ommalashgan uyg‘unliklarga e’tibor qaratish joiz: pishirilgan xalumi, yogurt va asal, sakkizoyoq, fava va ismaloq — bularning barchasi issiq gazaklar bo‘limidan o‘rin olgan. Asosiy taom sifatida esa, albatta, jo‘ja go‘shtidan suvlaki, mol go‘shtli musaka, tovuq yoki mol go‘shtidan tayyorlangan giros buyurtma qilish shart. «Eridaning oltin olmalari» nomi ortida lukumades, «Persefona ko‘zgusi» — gilos konfili shokoladli desert, «Afrodita gulchambari» esa qulupnayli vanil deserti yashiringan. Bir kishi uchun o‘rtacha hisob — 470 000 so‘m.
Restoran nomi garmoniya, go‘zallik va olg‘a intilish ramzi bo‘lgan qadimgi yunon g‘alaba ma’budasi Nika sharafiga qo‘yilgan. Interyeri O‘rta yer dengizi estetikasidan ilhomlanib yaratilgan: och ranglar, tabiiy materiallar, fakturali pardoz. Shu tufayli ancha katta xonada ham xilvat va shinam muhitni saqlab qolishga muvaffaq bo‘lingan. Yilning iliq fasllarida tushlik va kechki ovqatni bog‘dagi ayvonda tanovul qilish ham mumkin. Bayramlar uchun 40 kishilik banket zali va 12 kishilik VIP‑zal, kichik yoshdagi mehmonlar uchun esa o‘yin xonasi jihozlangan.