Tibbiyot instituti ro‘parasida joylashgan zamonaviy kafe ma’lum bir milliy oshxona taomlari bilan cheklanib qolmay, bo‘lajak shifokorlarni (va nafaqat ularni) kun-u tun — 24/7 davomida mehmon qiladi. Taomnomada jahonning eng sara taomlari jamlangan: bu yerda borsh bilan bir qatorda wok, xarcho, kiyevcha kotlet, bruskettalar, jyulyen, spagetti va steyklar ham tayyorlanadi — xullas, har qanday didga mos taom topiladi. Nonushtaga kun oxirigacha kuch-quvvat baxsh etuvchi quymoqlar, bo‘tqalar va qovurilgan tuxumlar tortilsa, desertga 20 dan ortiq shirinlik turlari taklif etiladi. Pistali medovik, stakandagi tiramisu, krem-bryule, panna-kotta va San-Sebastyan — ertalab, kunduzi va hatto yarim tunda ham glyukoza manbai bo‘lib xizmat qiladi.
«Dinamo» stadioni ro‘parasidagi bar kichik mehmonxonada joylashgan bo‘lib, nomiga qaramay, hech kimni sovqotib qolishiga yo‘l qo‘ymaydi. Keng taomnomada pasta, jiz, lag‘mon va xashlama kabi eng ommabop taomlar, shuningdek, pivo hamda o‘tkir spirtli ichimliklar uchun gazaklarning boy tanlovi o‘rin olgan. Bu yerda yarim tundan keyin ham sevimli jamoangiz g‘alabasini raqsga tushib nishonlash yoki tong otguncha bug‘li kokteyl va bir krujka pivo bilan shunchaki hordiq chiqarib o‘tirish mumkin.
Yo‘ldan kelib to‘g‘ri dasturxonga (yoki aniqrog‘i, poyezddan tushib restoranga) — Ayvan uchun odatiy hol: vokzaldan besh daqiqalik masofada joylashgan bu restoran hech qachon uxlamaydi. Nonushtaga shakshuka, sirniklar, quymoqlar va inglizcha set kabi xalqaro klassik yeguliklar tortiladi. Issiq taomga esa istalgan vaqtda milliy oshxonaning eng sara ovqatlari taklif etiladi: palov barcha qoidalariga amal qilingan holda katta qozonlarda damlanadi, go‘sht esa juda katta hajmda olovda pishiriladi. Taomnomadan xorijiy taomlar ham o‘rin olgan: pitsa, pasta va dunyoga mashhur salatlar shular jumlasidandir. Taomlarga mualliflik kokteyllari, limonadlar va choy ajoyib qo‘shimcha bo‘ladi. Shirinliksevarlarga esa hatto yarim tunda ham hech bir ta’nalarsiz chizkeyk va boshqa desertlar, ustiga-ustak, bir finjon espresso taqdim etiladi.
«Dinamo» stadioni yaqinidagi turk taomlari restorani mehmonlarni kun-u tunning istalgan vaqtida sharqona saxiylik bilan mehmon qilishga tayyor. Erta turuvchilar uchun nonushtaga (soat 5:00 dan 11:00 gacha) menemen, muxlama va tuxumli sujuk topiladi, asosiy menyudan esa an’anaviy taomlarning boy xillari joy olgan. Iskandar kabob, sopol idishdagi kotletlar, urfa, yayla, turkcha palov, meze, laxmajun, bir necha xil qiymali pide — xullas, oshxonada Bosfor bo‘g‘ozining barcha mashhur taomlari tayyorlanadigandek go‘yo. Ichimliklar menyusida karak choyi turkcha choy, limonadlar, tabiiy sharbatlar hamda klassik qahvalar bilan yonma-yon o‘rin olgan. Desertlar menyusi esa xuddi Istanbuldagidek tuzilgan: bir tomonda paxlava, sutlach, katmer va kunefe kabi sharqona shirinliklar bo‘lsa, boshqa tomonda chinakam yevropacha «San-Sebastyan» hamda «Trileche» tortlari mavjud.
Vokzaloldi maydonidagi arab taomlari restorani barcha xohlovchilarni kechki ovqat narxi evaziga tun-u kun Misrga «eltib qo‘yadi». Interyerda fir’avnlar davri va Qizil dengiz sohilidagi ta’tilni eslatuvchi unsurlar g‘ij-g‘ij: yumshoq yostiqlar, naqshinkor to‘siq-pardalar, hammaga tanish haykalchalar va jimjimador bug‘li kokteyllar — barchasi yorqin va noodatiy. Taomnoma ham muhitga mos: xavashi, fajta, babaganush, do‘lma, juda ko‘p go‘sht va shirinlikka kunafa. Bu hatto eng band do‘stlar bilan diydorlashish yoki uzoq ish kunidan so‘ng hordiq chiqarish uchun ajoyib joy
Agar tun yarmida to‘satdan tetiklashib, shirinlik bilan o‘zingizni siylagingiz kelsa, kecha-yu kunduz ishlaydigan Toshkent tarmoq qahvaxonasi xizmatingizga tayyor. Bu yerda ichimliklarga alohida mehr bilan yondashiladi: qahvaning issiq va muzdek turlari tayyorlanadi, limonadlar va maxsus ichimliklar esa har mavsumda yangilanadi. Rezavorli, qora va ko‘k choylarga tariq hamda talqon qo‘shib damlanadi, ularga qo‘shimcha sifatida esa sneklar va bulochkadagi julyen taklif etiladi. Desertlar vitrinasi pishiriqlarga to‘la: to‘yimli va shirin to‘ldirmali kruassanlar, San-Sebastyan, quyultirilgan sutli «yong‘oqcha”lar hamda vetchinali panini shular jumlasidan. Nonushtaga odatiy tonggi taomlar — inglizcha set, shakshuka va omletlar tortiladi: demak kunni to‘q qorin bilan boshlashingiz kafolatlangan.
Fotosuratlar: restoranlarning saytlari va ijtimoiy tarmoqlari; Yandex Maps
Sayyora Madmussayeva