Ushbu loyiha bozorda oʻn yildan ortiq vaqtdan beri faoliyat yuritadi va haqli ravishda kashshof hisoblanadi, zero bu — shahardagi ilk fransuz qahvaxonalaridan biridir. Toshkentliklar uchun anʼanaviy «boulangerie» madaniyatiga yoʻlboshchi boʻlgan loyiha butun shahar boʻylab va uning hududidan tashqarida yirik tarmoqqa aylanib ulgurdi. Ichida ar-nuvo uslubidagi asl afishalar, dumaloq yogʻochli stollar va polga yotqizilgan shaxmat katakli plitkalar Parij jozibasini yaratadi. Menyu asosini kun boʻyi buyurtma qilish mumkin boʻlgan nonushtalar, shuningdek, peshtaxtadagi pishiriq va shirinliklarning katta tanlovi tashkil etadi.
Narxi: 12 000 soʻm
Bu yerdagi kruassan namunali koʻrinadi — qip-qizil, silliq, meʼyoriy qatlamli. Xamiri birinchi teginishdayoq uvalanib ketmaydi, choʻziluvchanligini saqlab qoladi. Kesib koʻrilganda bir tekis gʻovaklar koʻrinadi, poʻsti yengilgina qarsillaydi, lekin ochigʻi, bundan-da qarsildoqrogʻini xohlaysan kishi. Taʼmida yaqqol shirinlik sezilmaydigan yengil qaymoq tamgʻasi ufurib turadi, shu bois kruassan uzoqdan bulochkani eslatadi.
Maskan mehmonlarni interyerdagi och pista ranglari va panoramali derazalar bilan qarshi oladi. Xonani tilla rang ramkadagi ravoqli koʻzgular va yumshoq qoplamali shinam yarim doira divanlar bezab turibdi. Deraza yonidagi joylar tashrif buyuruvchilarning eng sevimli maskaniga aylangan, chunki bu yerda shahar shovqinini shoshmasdan kuzatish mumkin. Birinchi qavatda mehmonlarni pishiriq va shirinliklar tizilgan salobatli peshtaxta kutadi, uning roʻparasida esa yangi chiqqan nonlar qoʻyilgan stellaj joylashgan.
Narxi: 23 000 soʻm
Kruassan ixcham oʻlchami va biroz yassilangan shakli bilan ajralib turadi. Tashqi koʻrinishi sodda boʻlishiga qaramay, uning qatlamlari yaqqol ajralib turadi va juda yaxshi qarsillaydi. Kesganda u gʻovakdorligini koʻrsatadi, ammo xamiri umuman choʻziluvchan emas. Taʼm profili sal shoʻrroq tomonga ogʻgan, kruassanning oʻzi esa biroz quruqdek tuyuladi.
Tarixi 1889‑yildan boshlangan fransuz «Paul» tarmogʻining ilk filiali Amir Temur shoh koʻchasida joylashgan. Bu joy qatʼiy franshiza qoidalari asosida ishlaydi: kruassan xamiri toʻgʻridan-toʻgʻri Fransiyadan keltiriladi, shu sababli klassik pishiriqning taʼmi dunyoning istalgan nuqtasida oʻzgarmaydi. Interyer nufuzli Yevropa «brasserie» kayfiyatini beradi. Devorlar moldinglar va brendning vintaj posterlari bilan bezatilgan. Maskan menyusi klassik fransuz oshxonasi va novvoyxonasi doirasidan ancha keng: mukammal italyancha pastadan tortib, yangi baliq, sersuv steyklar, burgerlar va muzqaymoqqacha.
Narxi: 40 000 soʻm
Kruassan yarim oy shaklida boʻlib, yupqa qarsildoq poʻsti bilan xushnud etadi. Ichida yirik, notekis gʻovakli nam magʻiz yashiringan, xamirning oʻzi yaxshi choʻziladi va sira quruq emas. Taʼmlar jilosi murakkab va muvozanatli chiqqan: yengil shirinlik meʼyoriy shoʻrlik va nozik nordonlik bilan uygʻunlashgan. Pishiriq toʻla-toʻkis oʻziga yetarli, uni hech qanday qoʻshimchalarsiz tanovul qilish yoqimli. Faqat kesilgan joyidagi gʻovaklarning notekisligi biroz dilni xira qiladi, ammo bu umumiy taassurotni buza olmaydi.
Arkadiy Novikovning restorani oʻz pishloq zavodiga ega shahar tashqarisidagi qoʻrgʻon konsepsiyasi atrofida qurilgan. Panoramali derazalar va koʻkalamzorning moʻlligi bois bu yer yorugʻ va keng oranjereyani eslatadi. Yogʻoch qirqimlari bilan qoplangan ochiq oshxona va shiftda muallaq turgan minimalist halqasimon chiroqlar nigohni tortadi. Naqshinkor idishlar va boʻrtma naqshli qadahlar xonaki ziyofat muhitini yaratadi. Menyu tabiiy mahsulotlardan tayyorlanadigan oddiy va tushunarli taomlarga asoslangan boʻlib, unda oʻz mahsuloti boʻlgan pishloqlar yetakchi oʻrin tutadi.
Narxi: 46 000 soʻm
Bu yerdagi kruassan haqiqatan ham bayramona koʻrinadi: yumshoq, baland, ichida sargʻish xamirning koʻzga tashlanadigan qatlami bor. U alohida bir marosimdek — sariyogʻ va olcha qaylami bilan birga tortiladi. Taʼmi oʻta qaymoqli, toʻq, deyarli nonga oʻxshash, shu bilan birga tuz va shakar muvozanati boʻyicha mutlaqo neytral, biroq qaymoqliligi insonni lol qoldiradi. Xamiri ancha zich chiqqan, meʼyorida choʻziladi, ayni damda yengil non notalari ham bilinar-bilinmas sezilib turadi.
Mahalliy «Breadly» loyihasi allaqachon kichik novvoyxona formatidan chiqib, toʻlaqonli gastronomik makonga aylangan. Uning Alisher Navoiy nomidagi teatr yaqinidagi filiali yaqinda ochilgan boʻlsa‑da, zallari doim mijozlar bilan gavjum. Interyer kishini hayratga soladi: oppoq plisseli divanlar, toʻq yogʻochdan yasalgan qadimiy javon, muzqaymoq uchun dekorativ aravacha va zal markazidagi nafis favvora. Tirik oʻsimliklarning koʻpligi va koʻzguli arkalar makonni vizual ravishda kengaytirib, uni nurga toʻldiradi. Bu yerda yarim tayyor mahsulotlar va sunʼiy qoʻshimchalardan tamoman voz kechilib, pishiriqlar anʼanaviy usullar asosida qoʻlda tayyorlanadi.
Narxi: 45 000 soʻm
«Breadly» kruassani — bu klassik fransuzcha uslubning koʻrgazmali namunasidir. Tashqi koʻrinishidan u kichik va juda ixcham, qatlamlari yaqqol koʻrinib turadi. Tishlaganda oʻsha ishonchli qarsillagan ovoz eshitiladi, uning ortida esa bir xil oʻlchamdagi tekis gʻovakli, yumshoq va choʻziluvchan xamir yashiringan. Taʼmida juda aniq muvozanatga erishilgan: yaqqol, ammo meʼyoridan ortiq boʻlmagan qaymoqliligi tuz va shakar bilan aniq oʻlchangan proporsiyalarda uygʻunlashib ketadi. Butun kompozitsiyani esa yengil nordonlik notasi yakunlab beradi. Barcha unsurlar bir butunga birlashib, toʻplamimizdagi eng asl namunani yuzaga keltiradi.
Mirobod koʻchasida joylashgan ikki qavatli kafe oʻz nomini toʻla oqlaydi va asosiy urgʻuni estetik nonushtalarga qaratadi. Bu yerda interyer koʻplab jozibali detallardan tashkil topgan: qavatlarni katta arkasimon oyna va kaskadli qandillar bilan bezatilgan zina bogʻlab turadi, asosiy zalda esa zamonaviy rangtasvir oq pianino va qizil abajurli osma chiroqlar bilan uygʻunlashgan. Shisha tom ostidagi keng yozgi ayvon alohida eʼtiborga loyiq: yoʻl-yoʻl divanlar, toʻqima kreslolar va yam-yashil oʻsimliklar shahar tashqarisidagi begʻubor hordiq kayfiyatini yaratadi. Menyudan turli koʻrinishdagi anʼanaviy nonushta taomlari oʻrin olgan boʻlib, ularni keng turdagi shirinliklar va yangi pishiriqlar toʻldiradi.
Narxi: 43 000 soʻm
Bu yerdagi kruassan oʻzining yaltiroq jilosi bilan eʼtiborni tortadi — uning sirti shakarli sirop bilan qoplangan boʻlib, bu pishiriqqa bayramona koʻrinish bagʻishlaydi. Biroq tashqi koʻrinish ortida ancha zich va mayda gʻovakli xamir yashiringan, choʻziluvchanligi oʻrtacha, taʼmi esa deyarli neytral boʻlib, oʻzidan soʻng faqat yengil shirin tam qoldiradi. Pishiriqning oʻzi biroz quruqdek tuyuladi, ustki qismida esa oʻsha kutilgan qarsillash sezilarli darajada yetishmaydi. Estetik koʻrinishiga qaramay, uning mazmuni koʻrinishidan biroz ortda qoladi.
Breadly — shubhasiz oltin medal sohibi. Mahalliy ustalardan benuqson qatlamlar, jarangdor qarsillash va aniq taʼm muvozanati.
Paul — kumush medalni qoʻlga kiritadi: franshizaning qatʼiy standartlari murakkab taʼm va haqiqiy fransuzcha qobiqni taʼminlaydi.
«Сыроварня» — saxiyligi va xamirning ortiqcha zichligini ham kechirishga undaydigan qaymoq tami uchun bronza medaliga loyiq koʻrildi.
Bon! — ishonchli asos sifatida toʻrtinchi oʻrinda: barqaror va qaymoq taʼmiga boy, garchi taʼmi yaxshi pishirilgan bulochkaga yaqinroq boʻlsa ham.
Benedict — bir pogʻona yuqorida: koʻrkam yaltiroqlik, lekin kutilgan qarsillashsiz, oʻta zich xamir.
Cake Lab — reyting roʻyxatini tugatadi: yoqimli koʻrinishi xamirning quruqligini oqlay olmadi.