Interyerda Tokio tamaddixonalarining minimalizmi va zamonaviy strit-art uyg‘unlashgan: an’anaviy chiroqlar va noodatiy barg-ventilyatorlar, graffiti va gavjum ko‘chaga qaragan katta derazalar, mo‘l-ko‘l yog‘och hamda to‘qimachilik bezaklari — xullas, shinamgina eklektika.
Yaponiyaning «Chiikava» mangasidagi yoqimtoy maskot — Momonga laqabli mitti jonivor eng kutilmagan joylarda: ko‘zgu tepasida, futbolkalarda, skeytlar va boshqa merchlarda, hatto tarelkalar ichida ham uchraydi — barchasini topib, bu momiqvoylar suratlaridan kollaj tuzishga arziydi. Momonga People hamjamiyatida nafaqat fotograflarni iliq kutib olishadi: musiqachilar, dizaynerlar, rassomlar, skeyterlar, dijeylar, raqqoslar — bu yerda bugungi yangi Toshkentning madaniy kodini yaratayotgan barcha insonlar jam bo‘ladi.
Parijdagi Uni restorani shef-oshpazi Dmitriy Pak an’anaviy retseptlarga Yevropa texnologiyalari va masalliqlarini uyg‘unlashtirgan holda yapon taomlaridan iborat menyu yaratdi. Masalan, ezilgan bodringga (40 000 so‘m) greypfrut va kashnich qo‘shiladi, udon (140 000) karbonara sousida pishiriladi, xom baliqdan esa sashimilardan iborat miks (99 000) hamda klementin va shiso barglari qo‘shilgan losos karpachchosi (99 000) tayyorlanadi. Spring-rollar bo‘limida birdaniga uch xil variant taqdim etilgan: tovuqli, krevetkali va o‘rdak go‘shtli (har biri 60 000 so‘mdan).
Ichimliklar tanlovi ham mehmonlarni lol qoldiradi: rom va soju asosidagi «Red flag» (120 000) hamda xitoy choyi tindirilgan vino qo‘shilgan «Onam bilmaydi» (95 000) kokteyllari, olxo‘ri, greypfrut yoki shaftolili soju (har biri 145 000 dan), shuningdek sake (60 000) va ixchamgina vino to‘plami (bir qadahi 110 000 so‘mdan) — bu yerda har qanday kayfiyat va sababga mos spirtli ichimlik topiladi. Spirtsiz ichimlik xush ko‘ruvchilar uchun esa bar menyusidan grechka choyi asosidagi mualliflik babl-tilari (60 000 dan), morslar (45 000), smuzilar (65 000), klassik qahva (25 000 so‘mdan) va choy (55 000) o‘rin olgan.
Lekin menyuning asosiy o‘ziga xosligi — tayoqchalar bilan emas, balki qo‘lda yeyiladigan bir necha turdagi hend-rollardir (nomi ham shundan olingan). Kulyok-temakini losos va ikra (80 000) yoki ilonbaliq va avokado (65 000) kabi tanish masalliqlar bilan, shuningdek, o‘rdak go‘shti (60 000) yoxud dengiz taroqchasi (65 000) solingan noodatiy tarkibda topish mumkin. Ochiq rollarga olovda yengil kuydirilgan losos (39 000) va tempura usulida qovurilgan krevetka (39 000), «sigara» shaklidagilariga esa tunets (45 000) hamda tryufelli sibas balig‘i (50 000) solinadi. Desertga — matcha tiramisu (100 000) va turli ta’mdagi moti shirinligi (har biri 40 000 so‘mdan) taqdim etiladi.
Ko‘ngilochar tomoshalarni ham e’tibordan chetda qoldirishmagan: bu yerda muntazam ravishda vinil plastinkalar qo‘yiladi, yaqin orada esa didjey-kechalari uyushtirishga va’da qilishmoqda (birinchisi oktyabr o‘rtalariga mo‘ljallangan).
Fotosuratlar: saytlar va restoranning ijtimoiy tarmoqlari