Keling, Toshkentda yapon taomnomasi bilan birinchilardan bo‘lib tanishtirgan restorandan boshlasak. Agar to‘satdan Tokiodagi sobiq Tsukiji baliq bozorining sushi-barlarini sog‘insangiz, Teppanyaki’ga kirib, yapon sariqquyrig‘i va tunetsidan tayyorlangan namunali sashimilardan tatib ko‘ring. Aytgancha, bu yerda ularning bir necha turi — eng yog‘sizidan tortib, og‘izda eriydigan yog‘lisigacha tayyorlanadi. Bosh oshpaz va asoschi Akrom Mirsaidov masalliqlarning yangiligiga jiddiy e’tibor beradi: to‘g‘ridan to‘g‘ri Yaponiyadan keltirilgan A4–A5 darajali vagyu, qisqichbaqalar, lobsterlar — barchasi eng yuqori sifatli. Bu yerda metall yuzali katta plita-tova, ya’ni teppanda pishirilgan taomlarni albatta tatib ko‘rish kerak. Losos, qora treska, teriyaki tovuq go‘shti va premium mol go‘shti yaponcha uslubda ajoyib ta’m kasb etadi.
Novikov Group’ning Kitanasida Osiyo masalliqlari, uslubi va an’anaviy yapon texnikalari mahorat bilan uyg‘unlashtirilgan. Yog‘och ko‘mirida qovurishning qadimiy usuli va yuqori harorat tufayli robata grilida pishirilgan taomlarning sirti karamellashgan, ichi esa sersuv bo‘lib chiqadi. Qora murchli mol go‘shti, kimchi tartarili losos teriyaki, yudzu kosho qisqichbaqalari — ishtahangiz ochilib ketdimi? Gazak uchun menyuning eng sara taomlaridan birini tanlang: vasabi bodringlari, ume olxo‘rili ananas kimchi yoki kimchili ponzu pomidorlari. Gyoza ixlosmandlariga vagyu go‘shti, shuningdek, qisqichbaqa, krab va kimchi yog‘i solingan «chuchvaralar”ni tatib ko‘rish taklif etiladi. Odatda, sarimsog‘i ko‘pligi sababli bunday taomlarni muhim uchrashuv yoki kechki ovqatdan oldin yeyish tavsiya etilmaydi, ammo bu gyozalarda unday xavf yo‘q: ular nozik is va ta’mga ega. Ichimliklar tanlovi ham hayratlanarli: sakeninig o‘zi naq yetti (!) turda taqdim etilgan.
Bu yerda ortiqcha dabdabalarsiz, haqiqiy yapon taomlarini tatib ko‘rish mumkin. Mehmonlarni Yaponiyada ommalashgan va «Xush kelibsiz!» degan ma’noni anglatuvchi «Irashiyamase!» iborasi bilan qarshi olishadi. Oshpaz Atsuto Uchiyama har kuni restoran uchun mahsulotlarni shaxsan o‘zi tanlaydi va sifatli taomlar bilan mehmon qiladi. Ta’mini totib ko‘rarkansiz, Osakadagi kichikkina izakayani eslaysiz: u yerda xo‘jayin ingliz tilini umuman bilmaydi, siz esa tushunarsiz iyerogliflarga ishora qilasiz va stolingizga butun sayohatingiz davomidagi eng sara taomlar keltiriladi. «Furusato» ham xuddi shunday taassurot qoldiradi: bu yerda shunchaki ishonish kifoya va siz aslo adashmaysiz. Ramen, tempura, sushi, udon kabi klassik va uncha ommalashmagan taomlarni albatta buyurtma qilish kerak, ikrom sifatida esa gazaklar solingan ko‘plab chiroyli likopchalar keltiriladi va bu yerdan hech ham ketgingiz kelmay qoladi.
Baliq taomlari markazi bo‘lmish La Mer restoranining yapon menyusi alohida e’tiborga loyiqdir. Taomlardagi baliq va sabzavotlar uyg‘unligi, o‘ziga xos uslub hamda masalliqlarning benuqson sifati — La Mer’ni aynan shular uchun sevib tanovul qilamiz. Kunjutli ponzu sousi bilan tortiladigan vagyu tatakisi, cherri pomidoridan tayyorlangan kimchi, baliq va avokadoli salat hamda shiso barglaridagi dengiz taroqlaridan tatib ko‘ring. Shuningdek, bir paytlar arzon ko‘cha taomi sanalib, hozirda esa yuksak pazandachilik namunasiga aylangan sushilar ham tayyorlanadi. Issiq taomlardan esa achchiq misoli losos, miso qaylasidagi qora treska, vagyu steyki va bambuk sixlardagi turfa xil kushiyaki kabobchalari mavjud. Bir qadah muzdek oq vino bilan o‘zingizni go‘yo Tinch okeani sohilida his qilasiz.
Ushbu yaponcha maskan 2026-yil boshida ochilgan bo‘lib, u restavrator Denis Ivanov va uning rafiqasi Chizuko tomonidan Moskvada ochilgan KU restoranlari izidan yuradi. Bu yerga, albatta, ramen yeyish uchun kelish kerak. Unda ramenning o‘n xil turi bor: tovuq bulyonli yengil sio ramendan tortib, soya sousi qo‘shilgan shoyu ramen va eng qiziqarli hisoblangan tsukemengacha. Tsukemenning o‘ziga xosligi uning tortilish usulida: ugra juda quyuq bulyondan alohida tortiladi, siz ugrani bulyonga botirib, o‘zingizni Yaponiyada his qilasiz. Gazaklar uchun pepperonchinoli edamame, kimchi va Gonkongcha urilgan bodring, nozik o‘rdak go‘shtli va krevetkali gyozalar, yengillik hissini beruvchi tori shio ramen hamda quyuq bulyon va qaymoqli ta’mni xush ko‘ruvchilar uchun tori paitan ramen ham sizni befarq qoldirmaydi. Bir maromda panjalarini tushirib-ko‘tarib turuvchi «maneki-neko» mushukchalari, ekrandagi Tokio va Fuji manzaralari hamda go‘yoki kichik bir Tokio restoranidagidek, bar peshtaxtasi ortidagi oshpazlarni kuzatish imkoniyati maskanga o‘zgacha muhit baxsh etadi.
Yapon oshxonasi bo‘yicha qo‘llanma shirinliklarsiz to‘liq bo‘lmasdi. Matcha — Osiyo shirinliklaridagi masalliqlar malikasi hamda yapon madaniy ideallari va an’anaviy estetikasining muhim ramzidir. Matcha qahvaxonasida sizga klassik matcha latte, xojicha latte yoki qovurilgan guruchli genmaycha kabi noodatiyroq turlari, shuningdek, lavanda va anchan choyli matcha taklif etiladi. Matcharista istalgan ichimlikni tayyorlab beradi yoki (agar juda xohlasangiz va qiziqsangiz) sizni bar peshtaxtasi ortiga o‘tkazib, muhim sirlarni o‘rgatadi: bambukdan yasalgan chasen ko‘pirtirgichini qanday to‘g‘ri ushlash va keng piyolada qanday choy damlash kerakligini ko‘rsatib beradi. Desertga esa qulupnayli quymoq tort, quyuq matcha shokoladli madlen yoki qiyomlangan kukilar oling. Itadakimasu! — bu so‘z «yoqimli ishtaha» degan ma’noni anglatadi!
Foto: restoran saytlari va ijtimoiy tarmoqlari; Yandex Xaritalar