Amir Temur xiyoboni yaqinidagi restoran zamonaviy uslubda bezatilgan bo‘lib, o‘zbek ustalarining ijod namunalari va mahalliy materiallardan foydalanilgani alohida e’tiborni tortadi. Qandillarni mahalliy shishasozlar yasagan, tuyalar aks etgan suratlarni toshkentlik rassomlar chizgan, shirinliklar vitrinasi uchun esa buzib tashlangan mahalliy uydan chiqqan Nikolayev g‘ishtlaridan foydalanilgan. Ochiq oshxonada tartar, karpachcho, pasta, brisket va ribay tayyorlanadi. Nonni shu yerning o‘zida yopishadi, desertga esa «San-Sebastyan» chizkeyki tortiladi.
«Yoshlar bog‘i» yaqinida joylashgan restoran klassik uslubdagi interyerlardan ilhomlangan holda bezatilgan: naqshinkor ko‘zgular, salyut shaklidagi qandillar, ustunlar hamda fonarchali bolg‘alab yasalgan panjaralar shular jumlasidan. Kechqurun chiroqlar yog‘dusi, dam olish kunlari esa jonli musiqa ham muhitga romantik shukuh bag‘ishlaydi. Menyuda jahon klassikasi jamlangan: ustritsalar, salatlar, rollar hamda xosperda pishirilgan go‘sht va baliq. Desertga esa medovik, napoleon va tiramisu tortiladi.
«Dinamo» stadioni yaqinidagi o‘zbek oshxonasi restorani sharqona karvonsaroyni eslatadi. Interyer yorug‘likka boy, bu yerda kashtali yostiqlar qo‘yilgan divanlar, popukli abajurlar, guldonlar hamda to‘qima shift mavjud. Suratga tushish uchun bareleflar, chiroqlar, dasturxon va gilamlar bilan bezatilgan bir nechta mavzuli hududlar tashkil etilgan. Taomnomadan an’anaviy taomlar: dumba, dumg‘aza, jiz, mastava va qo‘rada pishirilgan kaboblar to‘plami o‘rin olgan — porsiyalar sharqona saxovat bilan mo‘l qilib tortiladi.
«Markaziy bog‘» yonida joylashgan mo‘jazgina qahvaxona ayvonli oq dala-hovlini eslatadi. Ichkarida mayin ranglar jilosi yorqin urg‘ular — pushti devorlar, rasmlar va tovush to‘lqinlarini aks ettiruvchi shift bilan uyg‘unlashgan. Taomnomada turli mamlakatlar oshxonasi jamlangan: u yerda befstroganov, pitsa va pasta bilan bir qatorda udon, sushi, kuksi hamda borshni uchratasiz. Shirinliklar peshtaxtasidan esa ham suratlaringiz, ham yuragingiz va oshqozoningizdan joy olishga da’vogar kruassan, pirojniy va tortlar o‘rin olgan.
Italiya restoranlari deyilganda odatda katak-katak dasturxonlar va limonlar ko‘z oldimizga keladi, ammo Giotto interyeri noodatiy shakllar va turli fakturalar uyg‘unligiga asoslangan: aylanma zinapoya, sun’iy yo‘ldosh shaklidagi qandillar, yog‘och kreslolar va charm divanlar. Menyudan 20 dan ortiq pitsa turlari, pasta, panini hamda go‘shtli va baliqli steyklar o‘rin olgan. Desertga esa vafli, bir necha xil chizkeyk va turli ta’mli maxsus jelato taklif etiladi.
Universitet xiyoboni yaqinidagi restoran interyeri kontrastlar asosiga qurilgan: kobalt tusli devorlar, ultramarin va fuksiya rangidagi kreslolar, tilla rang bezaklar, panoramali derazalar hamda dizaynerlik qandillari. Taomnomadan Yevropa klassikasi joy olgan: bruskettalar, «Sezar» salati, qaymoq-ikrali sous ostidagi syomga, yorqin ta’mli rollar hamda baland bokallardagi kokteyllar.
Ushbu qahvaxonaning muhitiga shundoqqina ostonadan kiriboq «layk» bosgingiz keladi. Grafit va lojuvard ranglar, marmarsimon devorlar hamda jonli ko‘kalamzorlik interyerga o‘ziga xos ruh bag‘ishlaydi. Asosiy detal — qiz tasvirlangan barelef. Like cafe taomnomasi esa ma’lum bir millat oshxonasi bilan cheklanmagan: bu yerda rollar, pitsa, udon, ko‘fte va jizni topishingiz mumkin.
Sayyora Madmusayeva
Fotosuratlar: restoranlar saytlari va ijtimoiy tarmoqlari; Yandex Maps
Ar-nuvo uslubidagi ushbu maskan kinolardagi kabi hashamatli grand-mehmonxonalarni yodga soladi va bu ajablanarli emas: Sirius restorani East Star mehmonxonasida joylashgan. Baxmal mebellar, klassik uslubda bezatilgan dasturxon va ko‘rkam qandillarning xira nuri kechki libos va unutilmas uchrashuv uchun munosib muhit yaratadi. Taomnoma har qanday ta’b va xohishlarni inobatga olgan holda tuzilgan: sushi va tailandcha krevetkalar, steyk va befstroganov, fo-bo va tom-yam, pasta hamda ravioli.