Kiraverishdayoq Jolie konsepsiyasining asosiy qismi boʻlgan shirinliklar peshtaxtasi joylashgan. Kamaytirilgan shakar miqdori bilan yangi malina qoʻshib tayyorlanadigan «Pavlova» (90 000 soʻm) albatta tatib koʻrish kerak boʻlgan shirinliklar sirasiga kiradi. Taomnomaning qolgan shirinliklarida umuman shakar yoʻq: tryufel muzqaymogʻi bilan «Shokoladli bulut» (45 000), krem va rezavorlar bilan milfey (50 000), Belgiya shokoladidagi tiramisu (60 000) hamda qoʻlda tayyorlangan maxsus tryufellar — bularning barchasi WRF restoranlari uchun desertlar menyusini ishlab chiqishda ishtirok etgan bosh qandolatchi Ria Bekker retseptlari asosida tayyorlanadi.
Jolie interyeri yorqin ranglarda bezatilgan: panoramali derazalar, tirik oʻsimliklar va ixcham mebellar goʻzal kechki ovqat yoki dugonalar bilan uchrashuv uchun xotirjam muhit yaratadi. Shift ostidagi mato konstruksiyalari — yengil bulutlarga taqlid — loyihaning eng esda qolarli detallaridan biri boʻlib, makonni toʻldirib turadi.
Foto: restoran saytlari va ijtimoiy tarmoqlari; Yandex Maps
Issiq taomlar uchun dimlangan buqa dumi va pashot tuxumi qoʻshilgan kartoshkali draniki (80 000), mol goʻshti va ikki xil pishloqli Jolie burgeri (120 000), dimlangan mol yonoqlari (120 000), 19 soatdan ortiq pishiriladigan qoʻy boʻynidan steyk (140 000), shuningdek, sabzavotli garnirlar bilan sudak va lososdan tayyorlangan taomlar (110 000 dan boshlanadi) taklif etiladi. Ichimliklar orasida esa klassik qahva, choy, uyda tayyorlangan limonadlar va mavsumiy ichimliklar mavjud.
Toʻyimli tushlik va kechki ovqatlar uchun bosh oshpaz Sobir Tursunov Yevropacha yoʻnalishdagi ixcham taomnoma tuzgan. Gazak va salatlar orasida yunon yogurti, rediska va koʻkatlar bilan «Gretsiyadagi yoz» (60 000), yoʻlbars qisqichbaqalari va sukkini guakamolesi bilan «Yashil bogʻ» (60 000) hamda pomidorlar, Borodino chipsi va ukrop sousi bilan «Oʻzbek avgusti» (60 000) bor.