Shimoliy vokzal ro‘parasidagi «Мята Lounge Amir Temur» maskanida futbol matchlari plazma ekranlarda translyatsiya qilinadi: ular zaldagi har bir mehmonga kamida bitta ekran ko‘rinib turadigan qilib joylashtirilgan. Tasvir tiniq, ovoz baland — hammasi a’lo darajada bo‘ladi. Tomosha bilan birga boy menyudan taomlarni buyurtma qilish taklif etiladi: grilda pishirilgan kolbasalar assortisi, asado, steyk‑assorti — hech bir muxlis och qolmaydi. Barda ham yo‘g‘ining o‘zi yo‘q: limonadlar, choylar, damlamalar va, albatta, bir necha xil quyma hamda shishadagi klassik pivo turlari bor. Taymlar orasidagi tanaffusda yoki o‘yindan keyin keskinlikni pasaytirishga esa bug‘li kokteyllar va butun boshli javonni to‘ldirib turgan stol o‘yinlari yordam beradi.
Sharqona uslubdagi rang‑barang Khan Chapan restoranida eng muhim futbol voqealarining jonli translyatsiyalari katta ekranlarda namoyish etiladi. Muxlislar uchun joy yetarli: ichkaridagi proyektorli alohida zal va tashqaridagi plazmali keng yozgi ayvon barcha xohlovchilarni sig‘dira oladi. Sevimli jamoa g‘alabasini do‘stlar davrasida nishonlash yoki uning mag‘lubiyatiga ko‘nish — har qanday holatda ham katta davralarga mo‘ljallangan taomlar ayni muddao bo‘ladi: go‘shtli, pishloqli va marinadlangan setlar, kaboblar va xoncha beshbarmoq — sharqona saxovat ila tortilgan porsiyalar va katta tanlov. Davraga esa — jo‘mraklarda quyiladigan pivo, kokteyllar va chilimlar.
Ikki qavatli «Bavaria Plaza» restoranida katta matchlar o‘zgacha shukuh bilan namoyish etiladi: deyarli har bir stolning stadionga qaragan o‘z «oynasi» bor (plazmalar haqiqatan ham ko‘p), translyatsiya ovozi esa restoranning markaziy audiotizimi orqali yoqiladi — tiniq, baland va hammaga eshitiladi. Bu yerda 10 dan ortiq turdagi quyma pivo bor, shishadagi turlarining assortimenti ham lol qoldiradi. Albatta, pivoga mos gazaklar ham bisyor, katta davralar uchun esa qo‘y kuragi, restoranning o‘zida tayyorlangan kolbasalar seti va mangal assortini buyurtma qilish taklif etiladi — to‘yimli va ishonchli tanlov. Dam olish kunlari, futbol bo‘lmaganda, bu yerda odatda jonli musiqa yangraydi va ko‘ngilochar dasturlar o‘tkaziladi.
«Shishka» restorbarida muxlislar uchun odatda alohida zal ajratiladi: proyektor, katta ekran va shaxsiy bar — hech narsa sizni futbol bahslaridan chalg‘itmasligi uchun. Pivo turlari hayratlanarli darajada ko‘p: och, to‘q, rezavorli, lager, alkogolsiz, quyma — tanlov imkoniyati keng. Yengil tamaddilar uchun esa butun bir bo‘lim ajratilgan, qo‘shimchasiga, davralar uchun setlar, kaboblar, gril — xullas, hamma to‘yadi. Sport translyatsiyalaridan tashqari, bu yerda muntazam ravishda jonli musiqa oqshomlari va DJ‑setlar bilan kechalar o‘tkaziladi.
To‘pni qanday to‘g‘ri tepish kerakligini ko‘rsatishni istaganlar uchun esa «Shishka”da stol futboli o‘rnatilgan.
An’anaviy Plov Lounge restoranida sevimli jamoangiz muvaffaqiyatlarini istalgan stolda o‘tirib kuzatishingiz mumkin: katta plazmalar uzoqdan ham yaqqol ko‘rinib turadi. Bu yerdagi menyu G‘arb va Sharq taomlariga qat’iy bo‘lingan, ammo eng qizig‘i milliy taomlar bo‘limida yashiringan: sharqona gazaklar assortisi, dumg‘aza, sho‘rvali bug‘lama, qo‘zichoq go‘shti, jiz assorti va, albatta, palov — to‘yimli, mo‘l‑ko‘l va butun davraga aniq yetadi. Pivo kartasida Yevropa vakillari bor: jo‘mraklarda — Daniya va Chexiya, shishalarda — Germaniya pivosi, shuningdek, nemis retseptlari asosida ichimliklar tayyorlaydigan mahalliy pivo zavodi mahsulotlari ham mavjud.
Qizg‘in davralar maskani bo‘lgan John Dillinger barida futbol faqat terrasadagi katta ekranda ko‘rsatiladi, lekin sevimli jamoangizga bor ovoz bilan muxlislik qilishingiz mumkin — bu yerda shovqin-suron faqat olqishlanadi. Taomnomada qo‘y kuragi, pitsa, xachapuri, steykli go‘sht seti, pivo setlari va gazaklar bor — katta davralar uchun taomlar tanlovi keng va xilma‑xil. Bar kartasida ko‘plab mualliflik va klassik kokteyllar, quyma pivo va vinolarning ixcham to‘plami mavjud. Bu yerda kechalar o‘tkaziladi, DJ-setlar va jonli musiqa yangraydi — ko‘ngilochar dastur sport translyatsiyalarisiz ham juda boy.
Tashkent City Mall savdo‑ko‘ngilochar markazining birinchi qavatida «Mado» turk restorani joylashgan. Bu yerda muhim futbol matchlari plazma ekranlarda ko‘rsatiladi: bir nechta ekran zalda, bir qismi esa terrasada joylashgan. Bu yerga nafaqat shirinliklar uchun kelishadi, taomnomada to‘yimli taomlar ham ko‘p: manti, kabob, durum, ko‘fte — xullas, klassik tanlov. Sevimli jamoangiz g‘alabasini nishonlash yoki mag‘lubiyat alamini shirin qilish uchun o‘ziga xos desertlarni tatib ko‘rish mumkin: kunafa, paxlava, sarma — barchasi an’anaviy retseptlar asosida tayyorlanadi.
Foto: restoranlarning saytlari va ijtimoiy tarmoqlari; Yandex Maps