Gravity
Gravity’dagi kechalar haqida gap-so‘zlar har bir davrada yuribdi va ular ko‘chadan (Sapiens mehmonxonasi beshinchi qavati xuddi sahna kabi) juda yaxshi ko‘rinadi, ammo barga faqat «rezidentlar» va ularning do‘stlarigina kira oladi. Ammo u yerga albatta tushish kerak. Ichkarida esa — yoqimli musiqa, betashvish hayot va ichimliklar kayfiyatiga mos mohirona dizayn hamda qush uchadigan balandlikdagi doʻstona muhit hissi hukmron. Katta derazalar ortidagi turar-joy binolarining shakllari atrofda koʻkka boʻy choʻzayotgan minoraga oʻxshash osmono‘par imoratlarga ulanib ketadi. Yilning iliq faslida derazalar lang ochiladi va ajoyib ruftop paydo bo‘ladi.
Oqshom uchun mutlaq tanlov — kosmik mavzudagi mualliflik kokteyllari hamrohligidagi burgerlar, ayniqsa «Blyu chiz». Agar sokin gravitatsiya va kunduzgi yorugʻlikdagi shahar manzaralarini qidirayotgan boʻlsangiz, barda nonushta yoki tushlik qilishingiz ham mumkin.
Sette
Hyatt Regency Tashkent mehmonxonasining 7-qavatida joylashgan Sette restorani sokin italyan hashamatini taqdim etadi. Nimqorongʻi ixcham zal hatto jazirama iyul kechasida ham salqin bo‘ladigan keng va ajoyib manzara ochiladigan terrasa bilan chegaradosh. Eng sara joylar — Istiqlol ko‘chasidagi bog‘ga qaragan tomon, eng ajoyib payt esa — quyosh botish vaqti.
Sette restorani bosh oshpazi Pablo Iametti an’anaviy O‘rta dengiz taomlarini zamonaviy uslubda tayyorlab, aniq nishonga urdi. Bestsellerlar orasida «Kapreze» pitsasi, dudlangan mol go‘shtidan tayyorlangan karpachcho va baqlajonli ravioli bor. Italyan pishloqlari va turli xil go‘sht bo‘laklaridan iborat to‘plam antipasta platosini, tabiiyki, italyan vinosi bilan birga buyurtma qilishga nafaqat shama qiladi, balki undaydi.
Oko
Oko restorani nafaqat panoramali tanlovimizda, balki umuman Toshkentning restoranlar xaritasida ham ajralib turadi: bu tropik gastrobardir. Uning birinchi ajablanarli jihati: interyeri Bali, Marokash va Janubiy Yevropa ruhidagi art-makon koʻrinishida. Ikkinchi hayratlanarli tomoni: betakror mualliflik oshxonasi. Uchinchi syurpriz esa: orollar kayfiyatiga boshdan oyoq to‘liq gʻarq boʻlish uchun kiraverishda mehmonlarga yumshoq shippaklar taklif etiladi.
Okoning bir tomondagi derazalaridan gavjum Buyuk Ipak yo‘li shoh ko‘chasi, boshqa tomondan esa mahalla manzarasi namoyon boʻladi. Bu nostandart rakurslarni xush ko‘radiganlar didiga mos keladigan joy. Taomnomasidagi taomlar, jumladan, ilonbaliqli ekler, ananas chatnisi qo‘shilgan forel, buzoq go‘shti bilan pishirilgan enoki qo‘ziqorinlari, ustritsa qo‘ziqorinli medalyonlar, graten va karri bodringlari bilan tayyorlangan mol qovurg‘asi e’tibor qozonishi shubhasiz.
«12»
«12» kechki restorani oʻzida urban uslubini nafislik, har jihatdan yuqori darajadagi gastronomiyani miksologiya, g‘ira-shira qorong‘ulikdagi kechki ovqatni DJ kechalari bilan jamlagan. «The Tower» mehmonxonasining 12-qavatidagi panoramali derazalar shaharning miltillayotgan mozaikasi tomon yuzlangan: old planda — uyquga ketayotgan mahalla, ortda esa — jilvalanayotgan Siti.
Aestetik meditatsiyalar uchun ijodiy kokteyllar (ularning soni 12 ta bo‘lishi bejiz emas) va bosh oshpaz Islom Qurbonovning fyujen taomlari tavsiya etiladi. «Chefʼs choice» belgisi ostidagi taomlarga e’tibor qarating: parmezan mussidagi gulkaram, tryufel sousli minyon filesi, oq qo‘ziqorinli rizotto va hatto pishloqli espuma bilan tayyorlangan kartoshka fri ham, shubhasiz, oʻzgacha his-tuyg‘ularni uyg‘otadi.
Ember & Embar
Intercontinental mehmonxonasining 17-qavatida joylashgan, ulugʻvor terrakota ranglaridagi pardoz va dress-kod Ember & amp; Embarʼga «maxsus kechki ovqat uchun makonʻ darajasini belgilaydi. Derazalar ortida esa ko‘cha harakati goʻyo DJ-set bitlari bilan uyg‘un qaynayotgan Toshkentning qoq markazi manzarasi namoyon boʻladi. Ochiq oshxonadagi kinematografik taraddud bu manzaraga hamohangdir.
«Ember & Embar» taomnomasining asosiy g‘oyalari — «fine dining» shaklidagi Osiyo retseptlari va yuqori sifatli go‘sht mahsulotlari, shu jumladan, quruq usulda yetiltirilgan steyklar, vagyu mol go‘shti va tryufelli maxsus burgerlar.
City 21 Pan Asian Restaurant & Lounge
Hilton mehmonxonasining 21-qavatidagi restorandan besh yulduzli manzara ko‘zni quvontiradi: poldan shiftgacha bo‘lgan derazalar orqali Tashkent City Park va uning kuylovchi favvoralari, shaharning ulug‘vorligi namoyon bo‘ladi, havo ochiq kunli esa hatto ufqdagi tog‘ tizmalari ham ko‘zga tashlanadi.
City 21 taomnomasidagi sushi va rollarning katta tanlovi, tom yam va ramen, malayziyacha ekzotik lag‘monlar va singapurcha tovuq go‘shti orqali Osiyo taomlari qayta talqin qilingan. City 21 dagi Raspberry Bounty, Black Sea va Pineapple Sour kabi kokteyllar to‘plami dengizni xotirlatib, ta’til xohlayotganingizni eslatib turadi.
Koinot
Toshkent sathidan 110 metr balandlikka koʻtarilib, Toshkent teleminorasidagi diqqatga sazovor Koinot restoranida boʻlasiz. Minora Markaziy Osiyoda eng baland, MDHda uchinchi va dunyoda 12-o‘rinni egallagani bois kuzatuv maydonida tushlik qilish o‘zgacha tajriba hisoblanadi. Qolaversa, restoran platformasi o‘z o‘qi atrofida sekin aylanib, bir soat ichida mehmonlarga 360 darajali manzarani taqdim etadi.
Koinotning barcha nufuzli mavqeyiga qaramay, restoran interyeri ancha sipo va an’anaviy, taomnomasini esa oldindan taxmin qilish mumkin: bu yerda sezar salatlari, mashhur pastalar, ommalashgan rollar, pishloq qalamchalari va sarimsoqli grenki bilan tamaddi qilish mumkin. Bunday balandlikdagi manzara har qanday taom baxsh etadigan taassurotlarni ortda qoldiradi, ammo to‘yimli kechki ovqatni mo‘ljallagan bo‘lsangiz, strachatellali medalyonlarni tatib ko‘rishni va «Toshkent» pitsasi sirini kashf etishni tavsiya qilamiz.